Get Support
123-456-789-10
O‘zbekiston – Evropa va Markaziy Osiyoda iqtisodiy o‘sish bo‘yicha yetakchi
Jahon bankining (JB) yangi hisobotiga ko‘ra, Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida umumiy iqtisodiy dinamikada pasayish kuzatilayotganiga qaramay, O‘zbekiston iqtisodiyoti barqaror o‘sishni namoyon etmoqda. JBning baholariga ko‘ra, 2024-yil yakunida O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti (YaIM) 6 foizga oshgan. Kelgusi yillar prognozlari ham ijobiy: 2025-yilda o‘sish 5,8 foiz, 2026-yilda esa 5,9 foizni tashkil qilishi kutilmoqda. Ushbu ko‘rsatkichlar YeCA mintaqasi o‘rtacha ko‘rsatkichlaridan ancha yuqori.
Jahon banki 2025-yilda Evropada va Markaziy Osiyo mintaqasida iqtisodiy o‘sish sur’ati 2,5 foizgacha pasayishi va 2026-yilda 2,7 foizga yetishi prognozini bermoqda. Tashkilot tahlilchilari Rossiya Federatsiyasidagi iqtisodiy faollik pasayishi Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz davlatlariga, asosan, pul o‘tkazmalari hajmi kamayishi orqali, salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Shu bilan birga, O‘zbekiston ijobiy rivojlanish yo‘nalishini saqlab qolmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilishda 2024-yil yakunlari bo‘yicha mamlakat YaIMi 6,5 foizga o‘sib, 115 milliard AQSh dollariga yetgani qayd etildi. Ushbu natija amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning samaradorligini tasdiqlaydi va kelgusidagi taraqqiyot uchun qulay asos yaratadi. Mintaqadagi umumiy sekinlashuv fonida O‘zbekiston YaIMining yuqori sur’atlarda o‘sishi mamlakat iqtisodiyotining tashqi chaqiriqlarga bardosh berish qobiliyatidan dalolat beradi.
Jahon bankining prognozlari O‘zbekistonning o‘rta muddatli istiqbolda iqtisodiy rivojlanishi bo‘yicha optimistik kutishlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Mamlakat yuqori o‘sish sur’atlarini saqlab qoladi va fuqarolarning farovonligini yanada yaxshilashga hissa qo‘shadi, deb taxmin qilinmoqda.