Oʻzbekistonda $200 minglik “oltin vizalar” joriy etiladi

  • Apr 21, 2025

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi maʼlumotlariga koʻra, Prezident farmoniga asoslangan holda, joriy yilning 1-iyunidan boshlab mamlakatda “oltin vizalar” dasturi amalda boʻladi. Ushbu tashabbus xorijiy fuqarolar va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga belgilangan miqdordagi toʻlovni amalga oshirish sharti bilan soddalashtirilgan tartibda yashash guvohnomasini (yaʼni doimiy yashash huquqini) olish imkoniyatini beradi.

Besh yil muddatga yashash guvohnomasini olish uchun ariza beruvchidan 200 ming AQSh dollari miqdorida toʻlov talab qilinadi. Har bir oila aʼzosi – jumladan, turmush oʻrtogʻi, farzandlari va ota-onasi – uchun qoʻshimcha ravishda 100 ming AQSh dollari toʻlanishi lozim boʻladi.

Taʼkidlash joizki, yashash guvohnomasi – bu maʼlum bir davlat fuqaroligiga ega boʻlmagan shaxs (yaʼni xorijiy fuqaro yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs)ga ushbu davlat hududida uzoq muddatga yashash huquqini beruvchi rasmiy hujjatdir.

“Oltin vizalar”ning joriy etilishi Oʻzbekistonga xorijiy investorlar va malakali mutaxassislarni jalb etishi mumkin, bu esa respublikaning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishiga hissa qoʻshadi.